Korporativ boshqaruv — davr talabi

Jahon tajribasiga ko'ra, korxonada samarali faoliyatning asosiy omili sifatida korporativ boshqaruv tizimining joriy qilinishi bunday boshqaruv kodeksining amaliyoti bilan bevosita bog'liqdir. Tahlillarga qaraganda, dunyo miqyosida 100 dan ziyod shunday hujjatlar mavjud. Shu bilan birga, ayrim mamlakatlarda amaliyotdan kelib chiqqan holda uning mukammallashtirilgan, yangi tahrirdagisini joriy etish jarayonini kuzatish mumkin.

Masalan, Yaponiyada 2003, Germaniya, Buyuk Britaniya va Rossiya Federatsiyasida 2014, Yaponiyada esa 2015 yildan Korporativ boshqaruv kodeksining yangi tahriri amalga tatbiq etilgan.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ham bozor munosabatlarining tarkibiy qismi hisoblangan korporativ boshqaruvga oid me'yoriy-huquqiy bazani shakllantirishga katta e'tibor berildi. Ayniqsa, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 24 apreldagi “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni islohotlarning hozirgi bosqichi talablari asosida ushbu sohadagi qonun hujjatlarini xalqaro me'yorlarni inobatga holda yanada takomillashtirishga katta yo'l ochib berdi. Unga muvofiq, Germaniya hamda boshqa rivojlangan davlatlarning muvaffaqiyatli tajribasi o'rganilib, Korporativ boshqaruv kodeksi ishlab chiqilib, tasdiqlandi va amaliyotga kiritildi.

Kodeks faoliyat shaffofligini, aksiyadorlar qonuniy huquq-manfaatlari himoyasini ta'minlash, ichki samarali nazorat mexanizmini qo'llash, jamiyatning taraqqiyot strategiyasini va istiqboldagi uzoq muddatli vazifalarini aniqlash, ijroiya organining aksiyadorlar bilan o'zaro munosabatlarining samarali yo'llarini amaliyotga joriy qilish, namunaviy-tashkiliy tuzilmani yo'lga qo'yish, xalqaro audit standartlari va moliyaviy hisobotlar asosida axborotlarni chop etish kabi qoidalardan tashkil topgan. Mazkur kodeks xuddi boshqa mamlakatlardagidek, tavsiyaviy xarakterdagi hujjat bo'lsada, listing kompaniyalar va aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan uning qoidalariga rioya qilinmaganlik holati albatta, izohlanishi shart.

Tavsiyalarga rioya qilish haqidagi qaror aksiyadorlarning umumiy yig'ilishi tomonidan oddiy ko'pchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Uning ayrim tavsiyalariga itoat etishning imkoniyati bo'lmagan taqdirda aksiyadorlik jamiyati “amal qil yoki tushuntir” xalqaro tamoyiliga tayanib, buning sabablarini ommaviy axborot vositalari orqali batafsil ochib berishi kerak bo'ladi. Kodeks tavsiyalarini qabul qilish majburiyatining zimmaga olinganligi va unga rioya qilinishi haqidagi ma'lumot ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, jamiyat korporativ veb-sayti, fond birjasi sayti, shuningdek, qonunchilikda ko'zda tutilgan ma'lumotlarni oshkor etishning boshqa manbalari orqali e'lon qilinadi. Aksiyadorlik jamiyati o'z tarmoq va faoliyat xususiyatlaridan kelib chiqib, kodeks tavsiyalarini joriy etish uchun ichki korporativ harakatlarni amalga oshirishi mumkin.

Mazkur kodeks amalga kiritilar ekan, jamiyat aniq dividend siyosatini shakllantirishi, kuzatuv kengashi tomonidan dividend siyosatining qoidalari haqida nizom ishlab chiqilishi, uning qabul qilinishi haqida umumiy yig'ilish qarori chiqarishi va bu hujjat jamiyat veb-saytida chop etilishi lozim. Bundan tashqari, jamiyatda uning aksiyadorlari, investorlari va boshqa manfaatdor shaxslari o'rtasidagi munosabatlarning samarali mexanizmini ta'minlashga qaratilgan axborot siyosati mavjud bo'lishi kerak. Kuzatuv kengashi tomonidan uning vakolatiga kiruvchi muhim masalalarni ko'rib chiqish va o'rganish uchun vaqtinchalik yoki doimiy komissiyalar tuzilishi, Kuzatuv kengashi tarkibida kamida bir nafar mustaqil a'zo bo'lishi mumkin.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, Korporativ boshqaruv kodeksiga amal qilishni o'z vaqtida tashkillashtirish maqsadida Davlat raqobat qo'mitasi tomonidan ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo'lgan 56 ta aksiyadorlik jamiyatida uni joriy etish chora-tadbirlar belgilab olindi. Bundan tashqari, qo'mita rahbari buyrug'iga binoan tuzilgan maxsus shtab bilan birgalikda 623 ta, shu jumladan ulushlari Davlat aktivlarini boshqarish markaziga berilgan 132 ta aksiyadorlik jamiyatida kodeks talablariga rioya etilishi yuzasidan monitoring yo'lga qo'yildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida ustav fondida davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo'lgan aksiyadorlik jamiyatlarining aksiyadorlar umumiy yig'ilishlarida kodeksni tatbiq etish haqidagi qaror qabul qilindi va bu haqda xabar berish shakli o'rnatilgan tartibda chop etildi.

Shu bilan birga, bu borada tasdiqlangan reja-jadvalga ko'ra, “O'zbekneftgaz” MXK, “O'zbekenergo” AJ tizimidagi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga qarashli aksiyadorlik jamiyatlarida Korporativ boshqaruvning ilg'or usullarini va Korporativ boshqaruv kodeksini joriy qilish orqali faoliyat shaffofligini oshirish bo'yicha ko'rilgan choralar natijasi o'rganildi. Ma'lum bo'lganidek, ushbu aksiyadorlik jamiyatlarida mazkur masalada bir qator ishlar amalga oshirilgan, chunonchi, tashkiliy tuzilmalar farmonda belgilangan namunaviy tuzilmaga muvofiqlashtirilgan, ustav fondiga jamiyat ijroiya organi rahbarini xorijiy menejerlar ham ishtirok etishi imkoniyatini ko'zda tutuvchi tanlov orqali tayinlanishi, shuningdek, boshqaruv organi haqidagi nizom va rahbarlar hamda xodimlarning vazifalari xususidagi yo'riqnomaga tegishli o'zgartishlar kiritilgan.

Ayni chog'da, ijroiya organi rahbarini tanlov asosida saralab olish reglamentini tasdiqlash, bunday tanlovni o'tkazish yuzasidan tegishli o'zgartishni ustavda aks ettirish, ijroiya organi faoliyatining samaradorligini baholash mezonlarini ishlab chiqish, affillangan shaxslar bilan bitimlar tuzishni kuzatuv kengashi ma'qullaganidan keyin amalga oshirish, korporativ veb-saytlarni doimiy ravishda yangilab borish masalalarida bir qator kamchiliklarga yo'l qo'yilgani ham aniqlandi.

O'rganish natijalari yuzasidan muayyan takliflarni o'z ichiga olgan ma'lumotnoma tayyorlanib, unda belgilangan vazifalarni zudlik bilan bajarish, kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko'rildi. Ayni paytda Korporativ boshqaruv kodeksi talablarini bajarishga doir jarayon keng miqyosda davom etmoqda.